Oddiy haqiqatlar (sarlavhaning ko’rsatuvga aloqasi yo’q)

Avtobus har kungidan tirband edi. Oyoq qo’yishga joy topilmaydi. Safimizni kengaytirmaslik maqsadida haydovchi bekatdan o’tibroq to’xtadi. Endi esa yo’lovchilar yugurib kela boshlashdi. «Hamza» metro bekatida ko’pchilik tushar ekan. Oxirgilardan bo’lib bir yigit ilinib olayotganda orqa eshik yopilayotgan edi, yiqilib ketay dedi.

-«Sal qarab yopmaysizmi?

-Bu nima qilganingiz?»

Yo’lovchiga tegishli bo’lgan bu jumlalarni eslab qoling. Chunki qolgan «sarguzasht»larga shu so’z sababchi. Chiptachi javob qaytaradi:
— Kim nimaga qarashi kerak?
— Odamlar chiqyapti-ku. Kutib tursanglar bo’lmaydimi?
— Kimsan aql o’rgatadigan?
Yo’lovchi yana nimalardir deb noligan bo’ldi. Endi esa chiptachi va yo’lovchining dahshatli «dialog»i «trilogiya»ga aylandi. Ular orasiga haydovchi ham qo’shilgan edi. To’g’ri-da, uning harakati muhokamasi asosiy shaxssiz olib borilarmidi?
— Kim bu? Ayt, oldimga kelsin.
Shu kishi haydovchi bo’lmasdan oldin biror joyda rahbar lavozimida ishlagan bo’lsa kerak. Chunki ham mantiqan, ham ohang jihatidan qaraganda bu buyruq ish xonasiga chaqirayotgan mansabdor shaxsni eslatardi. Chiptachi — kotib vazifasini o’tayapti:
— Hoy, sen, kelarkansan.
— Nimaga borishim kerak?
— Kelmayapti.
Haydovchi tomonidan ovoz keldi:
— Olib kel buyoqqa.
Iye, bu qanaqasi bo’ldi? Buyog’iga rahbar deb tasavvur qilsam ham o’xshamay qolyapti-ku. Sud zali deb faraz qilsammikin. Kerakli odamlar yetarli: ayblanuvchi vazifasini bajarayotgan jabrlanuvchi, prokuror aralash sudya, ham sud kotibi, ham mirshablik qilayotgan chiptachi, biz guvohlarmiz. Bir oz turib advokat ham qatorimizga qo’shildi. Oldingi o’rindiqlardan birida o’tirgan ayol o’rnidan turib oldi. «Hey, insof bormi senlarda? Nega bechora bolaga yopishasanlar? To’g’ri aytyapti. Qarash kerak edi».
Chiptachi buyruqni bajarib, haydovchi huzuriga olib bormoqchi bo’ldi. Bu jarayon qanday bo’lgani menga ko’rinmadi-yu, ammo yigitning «Ol, qo’lingni, nega turtasan?» degan ovozi eshitilardi.
«Milliy bog'» bekatiga yetganimizda, haydovchi ortiq chidolmadi, balki hammasiga nuqta qo’yishni istagandir, avtobusni to’xtatdi.
-Hoy, bola, qani bu yerga kel-chi.
— Bormayman. Kerak bo’lsa o’zingiz keling.
Haydovchi avtobusdan tushib, yigitning oldiga — orqa eshikka bordi. Gapirishga ham holi yo’q ekanmi, musht tushirishga o’tib ketdi. «Advokat»ning buyrug’idan so’ng, odamlar ajratishga kirishishdi. «Nima deyapsan sen o’zi?», «Qo’lingdan nima keladi, itdan bo’lgan» — menga faqat shu kabi ovozlar eshitilib turardi. Oxirgi gapni yo’lovchi yigit aytdi shekilli, haydovchi dahshatli jazavaga tushib, yigitga tashlana ketdi. Ajratmoqchi bo’lgan 5-6 ta erkakning ham kuchi yetmasdi. Haydovchi avtobusdan tushdi. Hayriyat, tugadi shekilli deb o’ylagan edim. Yo’q, endi oldi eshikdan chiqib, odamlarni yorib o’tib, yana o’sha yigitning oldiga bordi. «Kim itdan bo’lganini ko’rsatasan» derdi qayta-qayta. Menimcha, u endi urushish sababini o’zgartirgan. Amallab ularni, to’grirog’i haydovchini mushtlashishdan to’xtatishdi. «Hoy, siz bizlarni olib ketyapsiz-ku. Avtobusni haydasangiz-chi» dedi katta yoshli bir kishi. Yigitga esa «Tushib qolaqoling» deb maslahat berishardi. Ayollar ham gapirib, tinchlantirishga urinishdi. «U bekorga shunaqa degani yo’q, o’zingiz oldiga borib urush boshladingiz» dedi boyagi — oldi o’rindiqda o’tirgan «advokat xonim». Haydovchi «Sizlar tushib turinglar» degan edi, ammo biz — yo’lovchilar bunga rozi bo’lmadik, noiloj yana «ish stoli»ga borib o’tirdi.
Birinchi marta bu avtobusning bunchalar tez yurishini ko’rishim, to’g’rirog’i tez haydalishini. Agar har kuni ertalab haydovchining jahli chiqib tursa, o’qishga kech qolmay borar ekanman.
«Tushurib yubormagin!» navbatdagi «aqlli» buyruqni berdi haydovchi chiptachiga. Bir ayol juda tutoqib ketdi. «O’zing bir bilet sotuvchisan-u, kerilganingga o’laymi». «U ham chiqib-tushib ketuvchi bir odam» — bu chiptachining javobi.
Orqa o’rindiqqa qarayman. Men hali odamlar ajratib qoldi, yigitga hech narsa qilmadi deb o’ylagan edim. Ro’molchasi bilan burnini o’rab o’tirishiga qaraganda, nimadir bo’lgan, kattami-kichikmi jarohatlangan.
Yana avtobus oxiriga borganda nima bo’ladi, bilmadim. Haydovchi «erkakchasiga» gaplashib qo’yishni niyat qilgan ko’rinadi-ku.
Bu avtobusdan tushib qolib, uyimga yetib olish uchun keyingisiga o’tiribman hamki, hanuz nima deb o’ylashni bilmas edim. Madaniyat, insoniylik, xushmuomilalik kabi fazilatlar haqida bundan «silliqroq» o’rinlarda so’z ochsa yarashardi. Hozir esa — yo’lovchi yigitga achindim, indamay qo’ya qolganda hech gap yo’q edi, deb uni ayblagan bo’laman-u, yana boshqa narsa xayolimga keladi. Haydovchi xizmat ko’rsatish vaqtida edi-ku. Avtobusni to’xtatib qo’yish, xalq oldida urush ko’tarish, yo’lovchilarni xatarga qo’yib tez haydash va boshqalarni hisobga olmaganda ham, xizmatidan foydalanayotgan insonga shaxsiy g’urur tufayli zarar yetkazmadimi? Haydovchi — kasb egasi. Keling, yana boshqa kasblarni uning o’rniga qo’yib ko’ramiz. Shifokor huzuriga kelgan bemorni ko’rib, «Siz menga yoqmadingiz, davolamayman» deyishi mumkinmi? O’qituvchi yaxshi o’zlashtira olmagan o’quvchini ta’limdan chetlashtirishi kerakmi? Yoki o’zim, kelajakda jurnalist sifatida faoliyat yuritsam-u, intervyu olish uchun xalq vakilining oldiga borsam, ammo u hech narsa deyishni xoxlamasa, boringki, meni haydab yuborsa, o’sha odamning yoqasidan olsammikin?
Shunaqa har-xil xayollar bilan ancha payt yurdim, oxiri esa bir oddiy va achchiq haqiqatni xohlamay-xohlamay tan olishga majbur bo’ldim. Haligi ayol aytganidek oddiy bilet sotuvchi yoki haydovchiga e’tiroz bildirib, burun qonatadigan bo’lsak, «kattaroq» odamga qattiqroq gapirib yuborib, kallamizdan ayrilar ekanmizda? Avtobusda yaratilgan bu falsafa xato chiqishini juda xohlardim.

P.S: O’zimcha bir nimalar yozgandek bo’ldim. Aniqlik prinsipi qayerda qoldi deysizmi? Yoki meni ham kalla masalasida ehtiyotkorlardan deb o’ylayapsizmi? Yo’lovchi yigitning ikkinchi varianti bo’lishni xohlamayman-u, ammo borini aytgan ma’qul: O’sha kuni 14-noyabr edi. Tushdan so’ng Muqumiy ko’chasidan Chorsu tomon tinchgina ketayotgan avtobus 4-avtosaroyga tegishli 132-avtobus bo’lib, raqami: 10 B 058. Kerakli shaxslarning ism-sharifini so’rab, yozib olishga sharoit bo’lmadi.

Durdona Alimova,

O’zDJTU talabasi

3 комментария to “Oddiy haqiqatlar (sarlavhaning ko’rsatuvga aloqasi yo’q)”

Leave a Reply