“Buxoro-Palas” mehmonxonasi “O‘zbekturizm” tizimidagi “Yilning eng yaxshi oteli” deb topildi

“Buxoro-Palas” mehmonxonasi respublika sayyohlik biznesi tizimidagi yirik subyektlardan biri hisoblanadi. O‘tgan o‘n yil mobaynida bu yerda 130 mingga yaqin xorijlik sayyohga xizmat ko‘rsatildi.

O‘z faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirib, sayyohlarni jalb etayotgan “Buxoro-Palas” mehmonxonasi “O‘zbekturizm” tizimidagi “Yilning eng yaxshi oteli” deb topildi. Shu munosabat bilan mazkur mehmonxonada o‘tgan tadbirda mamlakatimizning barcha mintaqalaridagi mehmonxonalar vakillari ishtirok etdi.

— Sayyohlik sohasida katta salohiyatga ega bo‘lgan mamlakatimizda turizm industriyasini ravnaq ettirishga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi raisi Zohid Hakimov. – Ayniqsa, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida 2010 yilgacha bo‘lgan davrda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Unga ko‘ra, 2010 yilda turizm-sayyohlik xizmatlari salmog‘ini yalpi ichki mahsulot hajmidagi ulushini 2005 yilga nisbatan 2,5, mehmonxona xizmatlarini 2,7 baravarga ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Shu maqsad yo‘lidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Joriy yilning birinchi yarmida respublikamizda 25 milliard 774,2 million so‘mlik sayyohlik xizmati ko‘rsatildi. Eksport xizmatlari 19 million 810,5 ming AQSH dollarini tashkil etdi.

Bugungi kunda yurtimizda 532 sayyohlik tashkiloti, jumladan, ko‘plab xususiy subyektlar faoliyat ko‘rsatayotir. Ular respublikamizning turli mintaqalariga xos milliy an’analar va urf-odatlarni, tarixiy obidalar jozibadorligini inobatga olib, yangi sayyohlik yo‘nalishlarida ish olib bormoqda.

Tadbirda turizmni jadal rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama etildi.

Leave a Reply