“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashining plenumi

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashining Toshkentda 2 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan plenumida ushbu partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtiroki to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Unda mazkur partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlari, partiya faollari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari o‘z chiqishlarida 2007 yilning 23 dekabrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirishda ulkan ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidladilar. Shu sababli “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bo‘lajak saylovda faol ishtirok etishni o‘zining birinchi galdagi vazifasi deb biladi va bu partiya uchun mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish jarayonida o‘zini yanada yaqqol namoyon etish imkonini beradi, deb hisoblaydi.

Plenumda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasida ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Plenum partiyaning navbatdagi syezdini chaqirish va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashining raisi, ushbu siyosiy partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Xurshid Do‘stmuhamedov nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatish uchun syezd muhokamasiga qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Leave a Reply