“O‘zMobayl”ning filiali kommutatsiya markazi O‘rta Chirchiq tumanida ish boshladi

O‘zA, L.Suvonov – Mamlakatimiz Mustaqilligining 16 yillik bayrami arafasida O‘rta Chirchiq tumanida “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining “O‘zMobayl” filiali kommutatsiya markazi ish boshladi.

Mamlakat iqtisodiyotining barcha sohalarida va umuman, jamiyat hayotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kompyuter texnikasi va telekommunikatsiya vositalariga talab ortib bormoqda. Hayotimizning barcha sohalariga eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bu borada “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur kompaniya telekommunikatsiyalarning yirik operatori bo‘lib, mamlakatimizning butun hududini o‘z tarmog‘iga qamrab olgan. Zamonaviy telekommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda u ovozli aloqaning barcha turlari, internetdan foydalanish imkoniyati, CDMA standarti asosida simsiz aloqa xizmatlari, ma’lumotlar uzatish bo‘yicha hamda boshqa qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda.

Bu borada davlatimiz rahbarining 2007 yil 23 yanvarda qabul qilingan “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining telekommunikatsiya tarmog‘ini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish chora-tadbirlariga oid qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Joriy yilda Xitoy taraqqiyot banki va «Aloqa-bank» bilan hamkorlikda lizing asosida tarmoqni rivojlantirish va modernizatsiyalash bo‘yicha qiymati 21,2 million AQSH dollariga teng loyiha amalga oshirila boshladi. U CDMA-450 standartli uyali aloqa tarmog‘ini kengaytirish, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida, Farg‘ona va Jizzax shaharlarida telekommunikatsiyaviy transport tarmog‘ini rekonstruksiya qilish, yangi avlod texnologiyalari asosida Toshkent telekommunikatsiyalari mahalliy tarmog‘ini modernizatsiyalash va rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.

Mamlakatimiz Mustaqilligining 16 yilligi arafasida eng zamonaviy CDMA-450 standartidagi mobil aloqa tarmog‘i ishga tushirildi. Mazkur loyiha doirasida Namangan va To‘ytepa shahrida 20 ming, Samarqand shahrida 30 ming raqamga ega kommutatorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shartnomaga muvofiq 70 ta bazaviy, ikkita kommutatsiya stansiyasi o‘rnatiladi.

Tarmoqni yanada kengaytirish va sifatli aloqa xizmati ko‘rsatish darajasini oshirish maqsadida kompaniyaning Samarqanddagi filiali abonentlari soni 30 mingga yetdi. Loyiha doirasida Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatida 30 dan ortiq bazaviy stansiya o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Bayram oldidan kompaniyaning “O‘zMobayl” filiali tomonidan To‘ytepa shahrida 10 ming raqamga mo‘ljallangan kommutatsiya markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Markaz Toshkent va Sirdaryo viloyati aholisini sifatli aloqa xizmati bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Leave a Reply